Taraqqiyotning bugungi pogʻonasida taʼlim bosh milliy masala boʻlib qolmoqda. Yaqinda Prezident raisligida taʼlim sohasini kompleks rivojlantirishga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektorda sanoatni va axborot texnologiyalarni keskin rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ulkan marralarni belgilab olingani, bu vazifalarni maktabda zamonaviy bilimlarni egallagan, raqobatbardosh yoshlar uddalashi toʻgʻrisida aytib oʻtildi. Darhaqiqat, bugun maktab partasida taʼlim olayotgan oʻquvchilar ertangi kunning, taraqqiyotning lokomotivlari.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov viloyat xalq taʼlimini rivojlantirish, oʻqituvchi va oʻquvchilarga munosib sharoitlar yaratish, oʻquvchilarning kasb egallashi, vatan taqdiriga daxldor boʻlib ulgʻayishi borasidagi vazifalar barchaga birdek taalluqli ekanligini anglagan holda maktablardagi holatni oʻrganib, amaliy yordam koʻrsatishni maqsad qilib olgan.

Bugun kunning birinchi yarmida viloyat rahbari Navoiy shahridagi matematika, fizika, ingliz tillarini chuqur oʻqitishga ixtisoslashgan “Qorakoʻl” maktab-internatiga bordi. Unga sektor rahbarlari, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi, mutasaddi rahbarlar hamrohlik qildi. Hokim oʻqituvchilar jamoasi bilan uchrashib, ularning maqsadlari, mavjud sharoit bilan qiziqdi. Maktab binosi, yotoqxonani koʻzdan kechirdi. Sharoitlarni yaxshilash borasida tegishli masʼullarga topshiriqlar berildi. Oʻquvchilar bilan suhbatlashib, ularga oʻz tavsiyalarini berdi.

